O'zbekistonda Saudiya Arabistoni bilan birgalikda tibbiyot xodimlari uchun kollej tashkil etish rejalashtirilmoqda, deb ma'lum qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Vazirlik o'rinbosari Ilxom Umurzakov 20-yanvar kuni Al-Arkkan Training Center kompaniyasining ijrochi direktori Muhammad al-Fassam va moliya direktori Fayzal Siddiqni qabul qildi. Tomonlar kasb-hunar ta'limi sohasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Kelishuvlar davomida eng muhim mavzulardan biri davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirishga yordam berish bo'ldi. Oziq-ovqat xavfsizligi va sog'liqni saqlash sohalarida ta'lim berishga alohida e'tibor qaratildi.
Al-Arkkan O'zbekistonda hamshiralarga va malakali tibbiyot xodimlariga ta'lim berish uchun kollej ochishni taklif qildi. Jarayon jahon standartlariga muvofiq tashkil etiladi va sohadagi mutaxassislarga bo'lgan ortib borayotgan talabni qondirishga imkon beradi.
Uchrashuv ishtirokchilari “hamkorlikni chuqurlashtirish va qo'shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini” bildirishdi. Tashabbus bo'yicha muzokaralarni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot, hukumat ish beruvchilarga oliy o'quv yurtlari va texnikumlarda yakuniy imtihonlarni o'tkazishga ruxsat berganini yozgandi.
Al-Arkkan Training Center Saudiya Arabistonida oziq-ovqat xavfsizligi va sog'liqni saqlash sohalarida tayyorgarlik ko'rish bo'yicha ixtisoslashgan birinchi tashkilotdir. Markaz 2009 yildan beri oziq-ovqat, chakana savdo va go'zallik xizmatlari kabi sohalarda ishchilarni tayyorlaydi.