O'zbekiston standartlashtirish sohasida britaniyalik Intertek Group plc kompaniyasi bilan hamkorlik to'g'risida kelishuvga erishdi. Bu haqda "Dunyo" xabar bermoqda.
Muzokaralar ikki bosqichda o'tkazildi. Yanvar oyida O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov Intertek rahbari Irina Berenvald bilan mahsulotni sertifikatlash, qadoqlash va belgilash masalalarini muhokama qildi.
Berenvald 2024 yilda O'zbekistonga qilgan safarining natijalarini yuqori baholadi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni sabrsizlik bilan kutayotganini ta'kidladi.
15 fevralda "O'zstandart" davlat agentligi va Intertek rahbariyati o'rtasida onlayn muzokaralar bo'lib o'tdi. Tomonlar xalqaro standartlarni joriy qilishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Kelishuv doirasida tomonlar O'zbekiston eksportida xalqaro standartlarni joriy etish uchun muntazam muzokaralarni davom ettiradilar. Xususan, bu nafaqat mahsulotning raqobatbardoshligini oshiradi, balki uning eksport hajmini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, deb kutilyapti.
Avvalroq Spot Akrom Vasilovni "O'zbekekspertiza" bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganini yozgan edi.
1885 yilda Londonda tashkil etilgan Intertek neft-gaz, energetika, avtomobil, qurilish, oziq-ovqat va tibbiyot sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniya 100 mamlakatda 1 mingdan ortiq ofis va laboratoriyalarga ega bo'lib, global darajada sertifikatlash xizmatlarini taqdim etadi.