Mobilitet va yetkazib berish xizmatlari bo'yicha Bolt O'zbekistonda o'z ofisini ochish imkoniyatlarini o'rganmoqda, deb xabar berdi IT Park matbuot xizmati.

Texnopark direktori Farxad Ibragimov 14-yanvarda Bolt kompaniyasining ommaviy axborot vositalari va davlat organlari bilan aloqalar bo'yicha rahbari Yuliya Malich bilan uchrashdi. Muzokaralarda mobilitet va startaplarni qo'llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Malich kompaniyaning O'zbekiston va Markaziy Osiyo bozoriga qiziqishini ta'kidladi hamda ushbu mintaqani demografik omillar va texnologiyalar rivojlanishi sababli xizmat uchun "markaziy" deb atadi. Uning so'zlariga ko'ra, Bolt raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa davlat organlari bilan muloqotga tayyor.

IT Park vakillari O'zbekistonda Bolt ofisini ochish va mahalliy kadrlarni dastur ishlab chiqishga jalb qilish imkoniyatini ko'rib chiqishni taklif qildilar. Ibragimov texnoparkning kadrlar tanlashda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Bolt mutaxassislari tajribalarini bo'lishadigan ta'limiy master-klasslar o'tkazish rejalari ko'rib chiqildi. Bu mahalliy startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va ularning global raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, deb kutilyapti.

Avvalroq Spot, Birlashgan Arab Amirliklaridagi elektr jihozlari ishlab chiqaruvchisi Binghalib O'zbekistonga biznesining bir qismini ko'chirishni rejalashtirayotganini yozgan edi.

Bolt kompaniyasi 2013 yilda Estoniyada tashkil etilgan va 2019 yilgacha Taxify nomi bilan faoliyat yuritgan. Kompaniyaning superilovasi taksi, karsharing, shaxsiy mobil vositalarni (elektr skuterlar) ijaraga berish xizmatlari, shuningdek, Bolt Food ovqat yetkazib berish xizmatlarini o'z ichiga oladi.