«O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi bir qator davlatlar temir yo‘l idoralari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
5-noyabrdan Toshkentda MDH temir yo‘l transporti kengashining yig‘ilishi o‘tmoqda. Ushbu doirada davlat kompaniyasi rahbari Zufar Narzullayev Turkmaniston, Tojikiston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Eron vakillari bilan uchrashdi.
Turkmaniston temir yo‘llari agentligi rahbari Azat Atamuradov bilan uchrashuvda tomonlar yuk tashish uchun raqobatbardosh tariflarni joriy etishni muhokama qilishga kelishib oldilar. Shuningdek, harakatlanadigan tarkibni modernizatsiya qilishda ham hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
«Belarus temir yo‘li» delegatsiyasi rahbari Valeriy Verenich boshchiligida UTY bilan bozor ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu yuk tashish samaradorligini oshirishga yordam beradi, deb kutilyapti.
«Eron temir yo‘llari» delegatsiyasi bilan suhbatning asosiy mavzusi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘ldi. Narzullayev va Jabbor Ali Zakiri Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron yo‘nalishi bo‘yicha yuk oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rishga kelishdilar.
«Rohi Ohani Tojikiston» rahbari Kamil Jumaxon bilan uchrashuv hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash bilan yakunlandi. Tomonlar yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, tariflarni qayta ko‘rib chiqish va yuk tashishni ko‘paytirish masalalarini muhokama qildilar.
«Qirg‘iz temir yo‘li» UTY bilan Toshkent – Balikchi (Rybachye) yo‘nalishi bo‘yicha sayyohlik poezdlarini ishga tushirish to‘g‘risida kelishib oldi. Bu qadam Issiqko‘l yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, qirg‘iz kompaniyasi rahbari Azamat Sakiyev O‘zbekiston tomoni bilan «Temiryo‘l cargo» harakatlanadigan tarkibi bilan ko‘mir, sement va boshqa mahsulotlar tashish masalalarini muhokama qildi. Tarif chegirmalari mavzusi ham ko‘rib chiqildi.
UTY va «Qozog‘iston temir yo‘li» yangi tariflarni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar, bu yuk oqimlarini oshirishga yordam beradi. Narzullayev va Nurlan Sauranbayev shuningdek, temir yo‘llarni raqamlashtirish va xalqaro yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdilar.
Avvalroq Spot Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi uchun Qirg‘iziston $14 million ajratganini yozgan edi.