Prezidentning 20 yanvar kuni qabul qilingan qaroriga binoan O'zbekistonda yangi texnologik universitet - Cyber University tashkil etilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma'lum qildi.
Universitet quyidagi yo'nalishlar bo'yicha mutaxassislar tayyorlaydi:
- axborot va kiberxavfsizlik, axborotni himoya qilish;
- raqamli texnologiyalar;
- raqamli iqtisodiyot;
- robototexnika;
- sun'iy intellekt asosida avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimlarini yaratish
va h.k.
Shuningdek, universitetda raqamli sohada mutaxassislar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari o'tkaziladi. Ta'lim jarayonini zamonaviy o'qitish texnologiyalari va ilg'or chet el tajribasiga asoslanib tashkil etish topshirilgan.
Cyber University "ochiq axborot-ta'lim muhitini" yaratish vazifasini qo'yadi. Yangi universitet mos ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklar bo'yicha o'quv-uslubiy materiallar ishlab chiqadi hamda fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib boradi.
Cyber University va boshqa universitetlar, shu jumladan chet eldagi universitetlar o'rtasida hamkorlik o'rnatilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida "ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar" hamkor sifatida jalb qilinadi.
Avvalroq Spot Karshida to'rtta universitet asosida texnik universitet tashkil etilayotganini yozgan edi.