Chirchiq shahridagi hokim o'rinbosarlaridan biri katta miqdorda pora olayotgan vaqtida qo'lga olindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Tashkilot xodimlari iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo'yicha Bosh prokuratura departamenti bilan hamkorlikda operatsiya o'tkazdi. Qo'lga olish jarayoni, amaldorning haydovchisi unga $1 million naqd pulni topshirayotgan paytda sodir bo'ldi.

Tergov versiyasiga ko'ra, hokim o'rinbosari 20 ga maydondagi yer uchastkasini savdo kompleksi qurish uchun $40 millionga ijaraga olishda yordam ko'rsatish uchun pora talab qilgan. Talab qilingan summa $2 millionni tashkil etgan.

Amaldor haqida O'zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasining 3-qismi "a" bandi (katta miqdorda pora olish) bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Spot.uz'da reklama

Transparency International tashkilotining reytingiga ko'ra, 2023 yilda O'zbekiston 180 mamlakat orasida 121-o'rinni egalladi. So'nggi 10 yil ichida mamlakat bahosini 15 ballga yaxshilab, ko'rsatkich bo'yicha yetakchiga aylandi.

Avvalroq Spot, Antikorrupsiya agentligi maktablar uchun kompyuterlarni xarid qilishda 900 million so'mdan ortiq o'g'irlikni aniqlaganini yozgandi.