Ushbu tadbirda, “Va'dalar emas, natijalar, bugun, ertaga emas” shiori ostida tashkil etilgan, partiyaning kelgusi besh yilga mo'ljallangan saylov dasturida raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va sun'iy intellektni samarali foydalanish uchun huquqiy va moliyaviy sharoitlar yaratishga alohida e'tibor berilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, partiyaning diqqat markazida sportning yanada ommalashuvi ham bo'ladi. Mamlakatimizni rivojlantirish uchun yosh avlodni “IT” va sport sohasiga jalb qilish, yoshlar uchun foydali ish o'rinlari yaratish, tadbirkorlikni moliyalashtirishni qo'llab-quvvatlash, yoshlarni zamonaviy kasblarga va xorijiy tillarga o'rgatish bo'yicha tizimli ish olib borish muhimdir.
- Saylov dasturida fuqarolarni arzon uy bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilgan, - dedi uchrashuvda ishtirok etgan Shaxlo Xoshimova. - UzLiDePning 15 milliard dollar ajratish orqali 1 million kvartira qurish rejasi ko'pchilik, jumladan biz yoshlarni xursand qildi. Shu sababli, kelgusi saylovlarda UzLiDePni qo'llab-quvvatlash uchun ovoz beramiz.